YANGILIKLAR VA BLOGLAR
Mirziyoyev va Shtaynmayer Toshkentda Volkswagen zavodini ochdi

17-iyun kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer ishtirokida bir qator yirik qo'shma investitsiya loyihalariga rasman start berildi. Ulardan biri — dunyoning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilaridan bo'lmish Volkswagen brendining O'zbekistonda rasman ishlab chiqarishni boshlashi bo'ldi.
Toshkent shahrida Volkswagen avtomobillarini yirik uzelli yig'ishni tashkil etish loyihasi rasman boshlandi. Bu tasodifiy qadam emas — 2025-yilning iyunida Volkswagen O'zbekistonda avtomobillarni yirik qismlardan yig'ish bo'yicha shartnoma imzolagan edi. Shartnomaga ko'ra, sedanlar va yo'ltanlamaslarning sakkizta modeli mahalliy yig'ish orqali ishlab chiqariladi, butlovchi qismlar esa Xitoydan yetkazib beriladi.
2026-yilning may oyida e'lon qilingan taqdimotga ko'ra, birinchi bosqichda Toshkentda yirik uzelli ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi. Keyingi bosqichda esa Angren erkin iqtisodiy zonasida to'liq siklda ishlab chiqarishni boshlash, mahalliylashtirish darajasini oshirish va eksport bozorlariga chiqish rejalashtirilgan. O'zavtosanoat boshqaruvi raisi Ulug'bek Rozukulovning ta'kidlashicha, jami 7 ta Volkswagen modeli ishlab chiqarilib, avtomobillar MDH, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlariga ham eksport qilinadi.