YANGILIKLAR VA BLOGLAR
Volkswagen 2025 yilda Yevropada elektromobillar savdosi bo‘yicha Tesla’ni ortda qoldirdi

Volkswagen 2025 yilda Yevropada elektromobillar savdosi bo‘yicha Tesla’ni ortda qoldirdi
Tahliliy kompaniya JATO Dynamics ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Yevropada to‘liq elektr avtomobillar (BEV) savdosi bo‘yicha Volkswagen Tesla’dan o‘zib ketdi. Bu avvalroq xitoylik BYD kompaniyasi Tesla’ni dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisi maqomidan mahrum qilganidan keyin amerikalik avtomobil ishlab chiqaruvchi uchun yana bir zarba bo‘ldi.
JATO ma’lumotlariga ko‘ra, Volkswagen brendining Yevropadagi to‘liq elektr avtomobillar savdosi 2024 yilga nisbatan 56% ga oshdi. Bunga asosan yangi ID.7 modeli uchun yuqori talab sabab bo‘ldi.
Shu bilan birga, Tesla avtomobillarining ro‘yxatdan o‘tkazilishi shu davrda 27% ga kamaydi.
Umuman olganda, Volkswagen 2025 yilda Yevropada 274 278 ta elektromobil sotgan bo‘lsa, Tesla 236 357 dona avtomobil sotdi.
2025 yilda Yevropa elektromobil bozori sezilarli darajada o‘sdi: to‘liq elektr avtomobillar ro‘yxatdan o‘tkazilishi o‘tgan yilga nisbatan 29% ga oshdi.
Biroq umumiy avtomobil bozori atigi 2,3% ga o‘sdi.
Hisobot Norvegiya, Shveytsariya va Buyuk Britaniyani ham o‘z ichiga olgan 28 ta Yevropa davlati ma’lumotlarini qamrab oladi.